"Odamlar gapiraveradi, eʼtibor qilmanglar" — bokschi Fazliddin G‘oibnazarov ovga chiqdi
Bu esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining tanqidlariga sabab bo‘ldi.

Taniqli bokschi, Rio Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarov 5 yanvar kuni Instagram sahifasiga yelkasida ov quroli, oyoqlari ostida esa o‘nga yaqin qush aks etgan suratlarni hamda ov jarayoni aks etgan video joyladi.
Sportchining mazkur suratlari Instagram kuzatuvchilarining keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi. Ko‘plab tarmoq foydalanuvchilari jonzotlarga ozor berish yaxshi emasligini taʼkidlagan bo‘lsa, ayrimlar bokschidan bunday xatti-harakatni kutmaganini taʼkidlagan.
Bokschi ushbu holat yuzasidan masʼullar bilan gaplashib olganini aytib, izoh berishni xohlamagan.
«Ertaga baliq ovlasam ham, nega baliq ovladilaring, deb ham hamma gapiradi. Odamlarga qo‘yib bersalaringiz, tirnoq orasidan kir qidiradi, to‘g‘rimi? (Qushlar) Qizil kitobga kiritilmagan-ku. Odamlar gapiraveradi, eʼtibor qilmanglar», — degan sportchi.
Fazliddin G‘oibnazarov ishtirokidagi mazkur holatga ekologuz telegram-kanali ham eʼtibor qaratib, sportchilar qushlarni o‘ldirishni emas, balki ularni asrash, mehr ko‘rsatishni targ‘ib qilishi kerakligini bildirgan.
«Bokschimiz ovchilar ushyumasidan ro‘yxatdan va ovchilar uchun qo‘yiladigan talablardan o‘tganmi? Ovda ishtirok etganlarning ovchilik biletlari bormi? Agarda ov qonunda ko‘rsatilgan tartibda amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu hujjatlar bilan bizni ham tanishtirishsa juda yaxshi bo‘lar edi. Sportchilarimiz qushlarni o‘ldirishni targ‘ib etmay, ularni asrash, don berish, jonivorlarga mehr ko‘rsatishni targ‘ib qilishsa yaxshi bo‘lar edi. Chunki sport bu — tinchlik elchisi, sportchimiz esa missiyasiga xilof ravishda ovni, o‘ldirishni ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilmoqda. Sportchimizning muxlislari ko‘p, nahotki bizning yulduzlarimiz jonivorlarga nisbatan mehrni targ‘ib etishga qodir bo‘lishmasa?», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu telegram-kanal Tabiat resurslari vazirligidan sportchi bilan bog‘lanib, holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirishlarini so‘ragan.
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati ushbu holatga nisbatan rasmiy munosabat bildirdi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi Fazliddin G‘oibnazarovning ov qilib yurgan holati tasvirga olinib tarqalgan video va fotosuratlar yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot berilishi maʼlum qilinadi», — deyiladi xabarda.
Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, bugun, 9-yanvar kuni vazirlik masʼullarining Fazliddin G‘oibnazarov bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Holat bo‘yicha to‘liq maʼlumot mazkur uchrashuvdan so‘ng berilishi taʼkidlandi.
P/S: ayni paytda holat tasvirlangan kadrlar sportchining Instagram sahifasidan o‘chirib tashlangan.







