O‘tgan yili tabiiy ofatlar qancha zarar keltirdi?
Eng “qimmat” falokat AQSHda sodir bo‘lgan.

2022-yilda tabiiy ofatlardan kelib chiqqan global moliyaviy yo‘qotishlar 270 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqda “Korrespondent” nashri yozmoqda.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili suv toshqinlari, bo‘ronlar, o‘rmon yong‘inlari va boshqa tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar miqdori 2021-yildan kam. Bir yil avval zarar miqdori 320 milliard dollar edi.
2022-yilning “eng qimmat” falokati sentyabr oyi oxirida AQSHning sharqiy qirg‘oqlarida sodir bo‘lgan “Yan” to‘foni bo‘ldi. Uning zarari 100 milliard dollarga baholangan.
O‘tgan yilgi umumiy yo‘qotishlarning qariyb 120 milliard dollari sug‘urtalangan. Tabiiy ofatlar sug‘urta kompaniyalari uchun katta moliyaviy yuk bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil noyabrda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq zararni qoplash uchun jamg‘arma tashkil etishga qaror qilingandi.








