Shavkat Mirziyoyev tog‘-kon sanoatidagi loyihalar bilan tanishdi
Prezident “Sharg‘un” va “Boysun” konlarini o‘zlashtirish orqali ko‘mir ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qariyb 2 milliard tonna ko‘mir zaxiralari mavjud. Davlat rahbari bu salohiyatdan samarali foydalanib, ko‘mir qazib olish hajmini izchil oshirish vazifasini qo‘ygan edi.
Taqdimotda shu borada qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Xususan, joriy yilda “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish loyihasi yakunlanadi. Buning evaziga mamlakatda yuqori sifatli ko‘mir qazib olish quvvati 900 ming tonnagacha oshadi.
Prezident “Sharg‘un” va “Boysun” konlarini o‘zlashtirish orqali yuqori sifatli ko‘mir ishlab chiqarishni yana-da kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.
Tog‘-kon sanoati rivojida yana bir muhim manba bu – uran. 2022 yil 14 iyulda “Navoiyuran” davlat korxonasida uran qazib olish hamda qayta ishlash hajmini oshirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilingan edi. Xususan, uni qazib chiqarishni 2030 yilgacha 2 barobarga oshirib, 7,1 ming tonnaga yetkazish choralari belgilangan.
Yig‘ilishda ushbu chora-tadbirlar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.
Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha maʼlumot berildi. Prezident ushbu hamkorlik doirasida uran qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, qo‘shimcha yangi konlarni aniqlash bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.







