Zangiotada tekstil sexi yonib ketdi
Voqea joyiga 37 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yuborilgan.

.
Bugun, 11 yanvar kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi sexda yong‘in chiqdi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 08:05 da Zangiota tumanining “Gulzor” MFY hududida joylashgan tekstil sexida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga asosan yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 08:20 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 11:05 da qurshab olingan va soat 15:05 da bartaraf etilgan. Yong‘inni bartaraf etishga 37 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. Yong‘in o‘chirish qismidan yong‘in sodir bo‘lgan manzilgacha masofa taxminan 15 kilometrni tashkil etadi.
Yong‘in natijasida binoning 2-3 qavatlardagi 2900 kvadrat metr ishlab chiqarish maydonlari, uskunalar va unda saqlanayotgan tayyor hamda yarim tayyor trikotaj mahsulotlari yonib zararlangan. Shuningdek, yong‘indan binoning 11500 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Voqea joyiga O‘zbekiston Respublikasi FVV rahbariyati, viloyat va tuman FVB rahbariyati chiqqan.







