Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarda issiq suv harorati pasaytiriladi
Shahar hokimligi fuqarolardan energiya sarfini kamaytirishni so‘radi.

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarda issiq suv harorati vaqtincha pasaytiriladi. Bu haqda shahar hokimligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, poytaxtda havo haroratining keskin pasayishi oqibatida issiqlik stansiyalariga uzatilayotgan tabiiy gaz bosimining pasayib ketishi sababli xonadonlarga yetkazib berilayotgan issiq suv taʼminotida ham, isitish tizimida ham oxirgi kunlarda harorat sezilarli darajada pasayib ketgan.
Buning natijasida o‘z xonadonlarini isitish maqsadida fuqarolar qo‘shimcha elektr moslamalardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Bu o‘z navbatida transformator stansiyalari va uzatish simlarida normadan ortiqcha yuklamani vujudga keltiryapti, buning oqibatida esa oxirgi kunlarda transformatorlar va simlarda portlash, yonib ketish kabi avariyalar soni kunlik o‘n barobaridan oshib ketgan.
Shunga ko‘ra, elektr tizimiga yuklamani pasaytirish, hamda markazlashgan issiqlik tizimi (otopleniye)da haroratni ko‘tarish maqsadida, eng kamida, uch kun davomida ko‘p qavatli uylarning issiq suv taʼminotida haroratni vaqtincha pasaytiriladi. Bunda suvni isitishga sarflanayotgan tabiiy gaz issiqlik tizimi (otopleniye)ga yo‘naltiriladi.
“Vaziyatni shahrimiz fuqarolari to‘g‘ri baholashlariga umid qilamiz va keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.
Sizlardan uylaringizdagi eng zarur xonalarni isitish va yoritishdan tashqari energiya sarfini imkon qadar kamaytirishingizni iltimos qilamiz”, — deyiladi xabarda.








