Tolibon vakillarining Twitter'laridan ko'k belgi olib tashlandi
Avvalroq akkaunt egalari Ilon Maskni maqtagan edi.

Tolibon harakati vakillarining Twitter’dagi akkauntlarida tasdiqlash belgisi (ko‘k belgilar) olib tashlandi. Bu foydalanuvchilarning noroziligidan keyin amalga oshirildi, deb yozadi "The Guardian".
Ma'lumotlarga ko‘ra, Tolibon harakatining kamida ikki amaldori – “axborot olish” bo‘limi boshlig‘i Hidayatulloh Hidoyat va OAV nazorati bo‘limi rahbari Abdul Haq Hammad tekshiruvdan o‘tgan. Ularning Twitter’da 187 000 va 170 000 a’zosi bor. Amaldorlarning hisoblarida 16-yanvar, kuni ko‘k belgilar bor edi.
Xabarga ko‘ra, o‘sha kuni Tolibon rasmiysi Twitter’ning yangi egasi Ilon Maskni maqtab, “Twitterni yana ajoyib qilib qo‘yayotganini” aytdi. Bu ko'plab foydalanuvchilarning noroziligiga sabab bo'ldi va 17- yanvar kuni tasdiqlash belgisi yo'qoldi. Biroq ularni ijtimoiy tarmoq yoki egalarining o‘zlari olib tashlaganmi, aniq emas.
"Twitter Blue" obunachilari oyiga $7,99 evaziga o‘z akkauntlari nomi yonidagi maxsus ko‘k belgiga ega bo‘lishlari mumkin. Ushbu funksiya joriy etilgandan so'ng, Twitter pullik xizmat joriy etilishidan oldin olingan barcha eskirgan ko'k belgilarni olib tashladi.







