Andijonda fuqarolar “svet” yo‘qligidan norozi bo‘lib, yo‘lni to‘sib qo‘ygani aytildi
Holat yuzasidan hokimlik tushuntirish berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida mahalliy aholi gaz va elektr yo‘qligidan norozi bo‘lib, mashinalar yo‘lini to‘sib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu holat Andijon shahar “Sanoat” MFY hududida tasvirga olingan va videolavhada go‘yoki insonlar tomonidan yo‘l to‘sib qo‘yilgandek sharh berilgan.
Mazkur mahalla temiryo‘l vokzali yaqinida joylashgan bo‘lib, yo‘lni to‘silishi aslida yo‘l o‘tkazgich qurilishi bilan bog‘liq. Lavhadagi fuqarolar elektr energiyasida ro‘y bergan nosozlik sabab mutasaddilar bilan suhbatlashishga yig‘ilgan.
“Videolavha tarqalishidan 30 daqiqa oldin mahallada elektr nosozligi bartaraf etilishi boshlangan. Aholini issiq choy, qahva hamda yeguliklar bilan taʼminlash ishlari ham tashkil etilgan”, — deyiladi xabarda.








