Arestovich: Ruslar nizoning birinchi besh kunida Ukrainada “aqlli urush” olib bordi
Vladimir Zelenskiy jamoasining sobiq aʼzosi Rossiya Ukrainada dastlab Amerika armiyasi harakatlariga taqlid qilganini aytdi.

Rossiya qo‘shinlari Ukraina mojarosining dastlabki besh kunida aniq zarbalar bilan “aqlli urush” olib borishga va maʼlum maʼnoda Amerika armiyasiga taqlid qilishga harakat qildi. Bu haqda Vladimir Zelenskiy ofisi rahbarining sobiq maslahatchisi Aleksey Arestovich maʼlum qildi.
“Men ularni axborot maydonida nima qilayotganini tushunardim. Ular maxsus operatsiyani tartibli, go‘zal, tezkor ko‘rsatishga harakat qilishdi. Bu yerda “muloyim odamlar” mushukka ham, bolaga ham zarar yetkazmagan, faqatgina ayrim qarshilik ko‘rsatganlar yo‘q qilingani aytilgandi”, – degan siyosatchi.
Arestovichning so‘zlariga ko‘ra, besh kundan so‘ng nizo butun salbiy taraflarini ko‘rsatdi. U kuchli qarshilik fonida tartibli harakatlarga o‘rin bo‘lmasligini aytgan.
Shu bilan birga Zelenskiy ofisining sobiq aʼzosi ruslar dastlab hech kimni o‘ldirmoqchi bo‘lmagani, faqatgina hokimiyat almashinuvini istaganiga ishonch bildirgan.







