Konserva orqasidan milliardlar: Putinga yaqin tadbirkorlar boyishda davom etmoqda
Rossiyaning qator yirik biznesmenlari va amaldorlariga yaqin odamlar davlat zaxiralariga mahsulot yetkazib berib, katta daromad olyapti.

Putinning yaqinlari Davlat rezervlari hisobiga boyimoqda. Bu haqda “Proyekt” nashri maʼlum qildi.
Uning maʼlumotlariga ko‘ra, tor doiradagi biznesmenlar Davlat zaxiralari bo‘yicha federal agentlik savdolariga aralasha oladi. Ular bu yerda eng yirik lotlarni bo‘lishmoqda.
Masalan, xalqaro sambo federatsiyasi rahbari va Vladimir Putinning dzyudodagi sparring sherigi Vasiliy Shestakov konservalangan go‘sht va ko‘mir yetkazib berish orqali daromadini oshiryapti. Yana bir biznesmen Arkadiy Rotenberg jamoasi vakili go‘sht, paxta va tuz sotish bilan shug‘ullanmoqda. Rossiya sobiq bosh prokurori Yuriy Chaykaning oilasi esa Davlat zaxiralaridagi yoqilg‘i va metallar savdosi bilan bog‘langan; RF xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev yaqinlari go‘sht va baliq konservalari yetkazib beradi.
Rosrezervda qanday turdagi tovarlar saqlanishi davlat siri hisoblanadi. Rossiyada harbiy safarbarlik fonida taʼminot bilan bog‘liq muammolar boshlangach, ushbu tashkilot faoliyatiga oid ko‘plab savollar paydo bo‘ldi.







