Sovuq kunlarda elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklarning 90 foizi bartaraf etildi
Bu haqda Energetika vazirligi masʼul xodimi maʼlum qildi.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi masʼul xodimi Obidjon Dilmurodov isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, kecha, 24 yanvar kuni elektr stansiyalar orqali 228 mln 600 ming kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, isteʼmolchilariga 229 mln 200 ming kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan 148 mln kub metr tabiiy gaz va 2000 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Hozirda hududlarda 3 600 tonna suyultirilgan gaz hamda 23 500 dona gaz ballonlari zaxirasi mavjud.
Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 3000 tonna mahalliy ko‘mir hududlardagi omborlariga ortib yuborildi.
Gaz tarmoqlarida tabiiy gaz bosimi ko‘tarilishi natijasida 1 kunda 65 ta mahalladagi 22 716 ta xonadonning tabiiy gaz taʼminoti yaxshilandi.
Bugungi kunda Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrining ayrim xonadonlarida gaz bosimini meʼyorga keltirish ishlari davom ettirilmoqda.
Gaz tarmoqlarida sodir bo‘layotgan avariyalarni bartaraf etish ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilgan bo‘lib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taʼminlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va kuzatilayotgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1 000 dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, ular joylarda muammolar tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlamoqda.







