Ayol kishining ko‘chaga chiqish odoblari haqida video chiqargan ikki bloger jarimaga tortildi
Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmatining xabar qilishicha, joriy yilning yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan X.D. va 1989 yilda tug‘ilgan I.O.lar tomonidan «ayol kishining ko‘chaga chiqish odoblari» nomli videolavha tarqatilib, unda bu shaxslar diniy mazmunda ayollarning ko‘chaga chiqishga oid turli nomaqbul cheklovlarini bayon qilganlari aks etgan.
Holatni o‘rganish maqsadida X.D. va I.O.lar joriy yilning 26 yanvar kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani IIO FMBga chaqirildi.
O‘tkazilgan suhbat davomida ayollarning ko‘chaga chiqqanida o‘zlarini qanday tutishi, odobi, begona shaxslar bilan qanday munosabatda bo‘lishlari haqida o‘z tashabbuslariga ko‘ra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda munosabat bildirganliklari maʼlum bo‘ldi.
Ushbu fuqarolar MJtKning 184-2-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)ga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.







