Bloomberg: Rossiya bahorda yirik hujum boshlashi mumkin
So‘nggi vaqtlarda Ukraina va uning ittifoqchilari Moskvaning yangi hujum boshlashi mumkinligi haqida tez-tez gapirishmoqda.

Vladimir Putin Ukrainada navbatdagi yirik hujumni bahorda boshlashi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.
Agentlikning Kremldagi manbalarga asoslanib bergan xabariga ko‘ra, RF prezidenti armiyaning bir necha oylik muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng tashabbusni qaytara olishini ko‘rsatmoqchi. Bundan tashqari, hujum orqali Kiyev va uning ittifoqchilariga yarashuv boshlash bo‘yicha bosim o‘tkazish ham maqsad qilingan bo‘lishi mumkin.
Agentlik manbalari hatto Putin ham qurolli kuchlarning zaifligini ko‘rib turganini qayd etgan. Ularning fikricha, bir necha oylik muvaffaqiyatsiz harakatlar Kremlda ko‘pchilikni vaziyatni real baholashga majbur qilgan.
Yangi safarbarlik to‘lqini ham bahorda boshlanishi mumkin
“Putin hamon yana yirik kuchlar va ko‘plab yo‘qotishlar unga g‘alaba keltira olishiga ishonmoqda”, – deyiladi xabarda.
Nashr suhbatdoshlari RFda safarbarlikning yangi to‘lqini bahorda boshlanishi mumkinligini iddao qilgan.
So‘nggi vaqtlarda Ukraina va uning ittifoqchilari Rossiyaning hujum boshlashi mumkinligi haqida tez-tez gapirmoqda. Ularning fikricha, yangi amaliyot Kiyev G‘arb tanklarini olib ulgurmasdan boshlanishi mumkin.







