"Bunday raqamlar hech qachon bo‘lmagan" — Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash so‘nggi yillarda 7 barobar o‘sib, 1,3 milliard dollarga yetdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash so‘nggi yillarda 7 barobar o‘sib, 1,3 milliard dollarga yetganini qayd etdi.
«Ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etamiz. Bizning aloqalarimiz tizimli va, alohida taʼkidlashni istardim, intensiv xarakterga ega bo‘ldi. Bu o‘zaro hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlash, o‘sishning yangi nuqtalarini aniqlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish imkonini berdi.
Muzokaralar yakunlanib, chegaralar to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi, bu esa qardosh xalqlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
O‘zaro tovar ayirboshlash so‘nggi yillarda 7 barobar o‘sib, 1,3 milliard dollarga yetdi. Bunday raqamlar hech qachon bo‘lmagan. Qirg‘izistonda sanoat kooperatsiyasi doirasida 300 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etilib, zamonaviy maishiy texnika, qurilish materiallari, tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot rejasi ishga tushirildi va hozirdanoq real loyihalarni moliyalashtirmoqda.
Bir kun avval biznes-forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi va unda 1 milliard 600 million dollarlik firma shartnomalari to‘plami imzolandi. Yirik mintaqaviy loyihalar – Qambarota 1 GESi va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini amalga oshirish boshlandi. Ular biz uchun o‘zaro munosabatlarning mutlaqo yangi ufqlarini ochadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.







