Endi chiqindi gazidan elektr energiyasi ishlab chiqariladi
Bu boradan O‘zbekiston Koreya bilan hamkorlik qiladi.

Ayni kunlarda Koreya Respublikasi Atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Yu Chechul boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi.
Poytaxtimizda Tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari N.Oblamuradov, Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari A.Axmedxadjayev, Koreya Respublikasi Atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Yu Chechul, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i O.Xamrayev hamda Sejin G&E kompaniyasi raisi Leye Kyoung Yeon ishtirokida Toshkent viloyatining Ohangaron va Maydontol maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olganlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya davlatlari o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotgani, ayniqsa ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishida birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar yuqori samara berayotganini taʼkidlashdi.

Aytish o‘rinliki, Koreya davlatining nufuzli Sejin G&E kompaniyasi ishtirokida 55 mln. AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘lari hisobiga Toshkent viloyatining Ohangaron va Maydontol maishiy chiqindilar poligonida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan umumiy ishlab chiqarish quvvati kamida 16 MVt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zamonaviy loyihaning amalga oshirilayotgani hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganining yaqqol dalilidir.

Tadbir davomida Toshkent viloyatining Ohangaron va Maydontol maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishi boshlanishi oldidan ramziy tasma kesish marosimi o‘tkazildi.
Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur loyihani amalga oshirish natijasida, nafaqat mamlakatimizda balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi yagona bo‘lgan yirik maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish stansiyasi tashkil etiladi.







