Yaqin Sharqdagi birinchi kosmodrom quriladi
Qurilish ishlari joriy yilda amalga oshirilishi aytilmoqda.

O‘mon sultonligining Duqm port shahrida Yaqin Sharq mintaqasidagi birinchi raketa parvozlari markazi barpo etilishi ma’lum bo‘ldi. O‘mon matbuoti xabariga ko‘ra, "Etlaq" kosmodromi qurilishi joriy yilda boshlanadi, dastlabki raketalar parvozi esa 2024-yildayoq amalga oshiriladi.
Milliy aerokosmik xizmatlar shirkati (NASCOM) amalga oshirayotgan loyihaga muvofiq, kosmodrom tijoriy, professional va ta’lim maqsadlarida xizmat ko‘rsatadi.
Mintaqadagi ilk kosmodrom uchun Duqm shahri tanlangani bejiz emas. Mazkur port ekvatorial joylashuvi tufayli sayyoramizdagi raketa parvozlari uchun maqbul sanalgan besh hududdan biri sanaladi. "Etlaq" kosmodromi rasmiy saytida ham loyihadan ko‘zlangan maqsad O‘monning fazoviy tadqiqotlar borasidagi tabiiy salohiyatidan unumli foydalanish ekani qayd etilgan.
Milliy aerokosmik xizmatlar shirkati O‘monning birinchi suborbital raketasini qurish va uchirishni ham rejalashtirgan.
Kosmodrom barpo etilishi Yaqin Sharqdagi fazoviy tadqiqotlarga ijobiy turtki beradi.







