Qizlarga tahdid qilgan imom-xatib ishdan olindi
U arab tilini o‘rganayotgan qizlarni o‘ldirish bilan qo‘rqitgan.

Kecha, 28-yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi yig‘ilishida Toshkent viloyati Toshkent tumani “Eshonxo‘ja ota” masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda imom-xatibning ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan arab tili kursidagi xatti-harakatlari muhokama qilinib, uning mazkur holati imomlik maqomiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga alohida urg‘u qaratildi.
Taʼkidlanishicha, ichki meʼyoriy hujjatlarda belgilangan “fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilish”, va “o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rish” degan bandlari A.Bahromov tomonidan qo‘pol ravishda buzilgan. Shuningdek, A.Bahromov arab tili o‘quv kurslarida dars berishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasini belgilangan tartibda xabardor etmagan.
Avazxo‘ja Bahromov mazkur xatti-harakati bilan meʼyoriy hujjatlar talablarini qo‘pol ravishda buzib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mazkur yo‘nalishdagi buyruqlari, ichki tartib qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga rioya etmagan.
Ichki nazorat komissiyasi Toshkent tumani “Eshonxo‘ja ota” masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida xulosa qilgan. Shuningdek, bunday shaxslarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida o‘rin yo‘qligi alohida taʼkidlangan.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Avazxo‘ja Bahromovning mazkur xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan ish olib borayotgani maʼlum qilingan.








