Pokistonda masjid portlatildi
150 kishi jarohat oldi.

Pokistonning Peshovar shahridagi masjidda yuz bergan portlash oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi.
Taʼkidlanishicha, yana kamida 150 kishi kasalxonaga yotqizilgan, ulardan baʼzilarining ahvoli og‘ir. Yaradorlar orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham ko‘p.
Peshovar politsiyasi boshlig‘i Ijoz Xonning so‘zlariga ko‘ra, masjid politsiya shtab-kvartirasi va terrorizmga qarshi kurash bo‘limini o‘z ichiga olgan majmuada joylashgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, xudkushlik hujumi ehtimolini inkor etib bo‘lmaydi – masjid ichidan portlovchi moddalar izlari topilgan.
Masjidning bir qismi qulagan, vayronalar ostida hamon odamlar bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Hozircha hech qaysi tashkilot hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.







