“Yangi O‘zbekiston yulduzlari”ni taqdirlash vazirlik uchun 2,1 milliardga tushdi
Madaniyat va turizm vazirligi bir kunlik tadbir uchun donasi 7 million so‘mlik statuetka, 2,5 millionlik avtomobil ijarasi va boshqa xarajatlar qildi.

Xabaringiz bor, kecha Madaniyat va turizm vazirligi “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi. Ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik bir kunlik ushbu tadbir uchun 2,1 milliard so‘m mablag‘ sarflagani aks etgan xabarlar tarqalmoqda.
Tasirlardan ko‘rish mumkinki, Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning 2022 yil 29 dekabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, 2023 yilning yanvar oyida “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazilishi belgilangan.
Unda, mukofot sovrindorlarini 2023 yil 15 yanvargacha saralash va 25 yanvarda “Zo‘r TV” telekanalining suratga o‘tkazish maydonida o‘tkazish choralari ko‘rilishi aytilgan. Yaʼni vazirlik hech qanday tendersiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma orqali tadbir o‘tkazgan. 2023 yil 13 yanvar kuni Madaniyat va turizm vazirligi va “Zo‘r TV” o‘rtasida 2,1 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan.
Ilova qilingan xarajatlar smetasiga ko‘ra, vazirlik 1 dona statuetkani 7 million so‘mdan xarid qilgan. "Renessans hol" ijarasiga esa 728 million so‘m to‘lagan. Shuningdek, reklama roligini 146 marta “aylantirish” 327 million so‘mga tushgan.
Tadbirni o‘tkazish uchun hech qanday tender o‘tkazilmagan, shartnoma to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan.
Madaniyat vazirligining bir kunlik mazkur tadbiri soliq to‘lovchilar uchun 2,1 milliard so‘mga tushgan.







