Deputatning shohi bormi yoki ular alohida qonunga bo‘ysunadimi?
Maktab o‘quvchisini o‘lasi qilib kaltaklagan qashqadaryolik sobiq deputat arzimagan jarima bilan qutulib qoldi. Deputat mazkur vaziyatni o‘rganishga uringan jurnalistni ham haqorat qilgani aytilmoqda.

Maktab o‘quvchisini o‘lasi qilib kaltaklagan qashqadaryolik sobiq deputat arzimagan jarima bilan qutulib qoldi. Deputat mazkur vaziyatni o‘rganishga uringan jurnalistni ham haqorat qilgani aytilmoqda.
O‘tgan yilning 3 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida maktab o‘quvchisi deputat va uning o‘g‘illari tomonidan o‘lasi qilib kaltaklangandi. Keyinchalik bu holatga Bosh prokuratura tomonidan eʼtibor qaratilib, maktab o‘quvchisini kaltaklagan deputat voqeasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlanganini maʼlum qilgan. Kaltaklangan o‘quvchining otasi Baxtiyor Qilichevning “Daryo” nashriga maʼlum qilishicha, sobiq deputatning qilmishi sudda ko‘rib chiqilgan.
Aytilishicha, maktab o‘quvchisiga kuchini ko‘rsatgan sobiq deputat va uning o‘g‘li ishini dastlab 2023 yilning 7 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi ko‘rib chiqqan.
Sud hukmiga ko‘ra, yarim tunda qizining oldiga kelgan maktab o‘quvchisini ushlab olgan ota — Sh.N. bolani urib, unga tan jarohati yetkazgani uchun sud tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, 600 ming so‘m miqdoridagi jarimaga tortilgan. Qizning bobosi, sobiq deputat Panji Nurtoyev esa qilmishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari yaʼni 3 million so‘m miqdoridagi jarima bilan “siylangan”.
Dastlabki sud qaroridan norozi bo‘lgan jabrlanuvchining onasi Dilafro‘z Choriyeva Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudiga shikoyat qilib, sobiq deputat va uning o‘g‘liga maktab o‘quvchisini kaltaklagani va ularni haqoratlagani uchun og‘irroq jazo so‘ragan.
Qashqadaryo viloyat sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati 2023 yilning 17 yanvar kuni apellyatsiyani ko‘rib chiqib, dastlabki sud hayʼati chiqargan qarorni adolatli deb baholagan. Hamda shikoyatni qanoatlantirmagan va qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan.
Shuningdek, maktab o‘quvchisini kaltaklagan sobiq deputat mazkur vaziyatni o‘rganishga uringan va deputat bilan suhbatlashgan “Daryo” jurnalistini ham haqorat qilgan. Nashrning maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qilingan bo‘lsada, oradan ikki oy vaqt o‘tishiga qaramay murojaatga javob bo‘lmagan.







