Angrenda soxta pul tayyorlovchilar ushlandi
Tezkor tadbirda 4 kishi qo‘lga olingan.

Toshkent viloyatining Angren shahrida soxta pul tayyorlab, uni sotuvchi shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro 1,5 mln so‘m qalbaki pullarni 400 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan yana 4 nafar (29–47 yoshli) shaxslar protsessual tartibda qo‘lga olingan. Ulardan 1,5 mln so‘mga teng bo‘lgan qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralar va rangli printer daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olingan.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslar tomonidan avvalroq ham 5 mln so‘mga teng bo‘lgan qalbaki pul kupyuralari chop etilgan.
Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








