Putin Zelenskiyni o‘ldirmaslikka vaʼda bergani maʼlum bo‘ldi
Isroil sobiq Bosh vaziri Naftali Bennet o‘tgan yili Ukraina Prezidenti iltimosi bilan Moskvaga borgani va Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazganini aytdi.

Isroil sobiq Bosh vaziri Naftali Bennet Ukraina bo‘yicha muzokaralar G‘arb pozitsiyasi tufayli to‘xtab qolganini maʼlum qildi.
Siyosatchi o‘tgan yili mart oyida muzokaralarda vositachi bo‘lgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb muloqot o‘rniga Putinni harbiy mag‘lub qilish yo‘lini tanladi.
“Mening barcha harakatlarim eng mayda detallargacha AQSH, Germaniya va Fransiya bilan kelishilgandi. Ammo ular muzokaralarni to‘xtatib qo‘ydi”, — degan sobiq Bosh vazir.
Shuningdek, Bennet Putin Vladimir Zelenskiyni o‘ldirmaslikka vaʼda berganini aytdi. Shundan keyin u Ukraina Prezidentiga telefon qilgan va vaʼdani unga yetkazgan. Bennetga ko‘ra, shundan keyin Zelenskiy bunkerdan chiqqan va videomurojaat orqali hech narsadan qo‘rqmasligini bildirgan.
Sobiq Bosh vazir aynan Ukraina yetakchisi iltimosi bilan Moskvaga borganini iddao qilgan.








