Jahon

Rossiya valyuta zaxiralari qanchaga yetadi?

Ukraina mojarosiga qadar RFda byudjet taqchilligi kuzatilmay kelayotgandi, oltin-valyuta zaxiralari ham to‘xtovsiz o‘sib bordi. Ammo harbiy nizo barchasini o‘zgartirib yubordi.

Rossiya valyuta zaxiralari qanchaga yetadi?

 

2023 yilda Rossiya byudjeti yomon formaga kirdi: yanvarda uning defitsiti 1.8 trillion rublni tashkil etdi — bu tarixdagi eng yomon natija. Rus nefti dunyo bozorida katta chegirma bilan sotilmoqda, iqtisodiyot qisqarmoqda, urush esa katta pul talab qilyapti. Hozirda byudjetdagi teshiklarni yamashga zaxiralar bor, ammo ular qancha vaqtga yetadi?

 

Rossiyaning eng yirik byudjet jamg‘armalaridan biri milliy farovonlik fondida fevral boshida 10.8 trillion rubl bor edi. Bu taxminan 155 milliard ollarni tashkil etadi va mamlakat YAIMning taxminan 7.2 foiziga teng.

 

Bir qarashda bu ko‘pdek tuyuladi. Ammo Ukraina bilan davom etayotgan urush va iqtisodiy inqiroz fonida RF rezervlari tobora kamayib boryapti. Solishtirish uchun: 2022 yil boshida fondda 13.6 trillion rubl bor edi.

 

2023 yil yanvarida moliya vazirligi jamg‘armadan 38.9 milliard rubllik yuan va oltinni sotdi — bular byudjet taqchilligini qoplashga ketgan. 2022 yilda shu maqsadda bu yerdan 3 trillion rubl sarflangandi. Yana 1 trillion mablag‘ turli investitsiyalar uchun ishlatilgan (ko‘pincha shu tariqa inqirozdan qiynalgan kompaniyalarga yordam berilgan).

 

Bu yil vaziyat o‘zgarishi qiyin. Neftning bir barreli 70 dollar bo‘lgan bir paytda byudjetda 3 trillionlik defitsit bor. G‘arb sanksiyalari oqibatida rus va dunyo bozoridagi “qora oltin” narxida keskin tafovut kuzatilmoqda: yanvarda bir barrel Urals markali neft hukumat prognozlaridan ancha past narxda — 49.48 dollarga sotilgan. Agar shu tariqa davom etsa, amaldagi defitsit yana katta bo‘lishi mumkin.

 

Xulosa oddiy: byudjet daromadlari barcha xarajatlarga yetmaydi, demak, zaxiralardan bundan buyon ham foydalanish davom etadi.

 

Milliy farovonlik  fondining aslida qancha puli bor?

 

Rossiya hukumati oxirgi yillarda juda qattiq byudjet siyosatini olib bordi. Urushgacha byudjet neft narxi 40 dollarga baholanib tuzilardi. Ammo amalda uning narxi bundan baland bo‘lgan va ortiqcha pullarning hammasi milliy barqarorlik jamg‘armasiga tushgan.

 

Hozirgi 11 trillion rubl o‘sha paytdagi tejamkorlik natijasi. Ammo bu shunchaki oddiy qaraladigan masala emas.

 

Milliy barqarorlik fondi likvid va nolikvid qismlarga bo‘linadi. Likvid qism foydalanish oson bo‘lgan aktivlar, masalan, valyuta va oltinni o‘z ichiga oladi. nolikvid qismga esa turli qimmatli qog‘ozlar va kompaniyalarga investitsiyalarni o‘zida jamlagan. Bu qismni oson sarflashning imkoni yo‘q.

 

Jamg‘armaning 40 foizini nolikvid aktivlar tashkil etadi. Bloomberg Economics eksperti Aleksandr Isakovga ko‘ra, ulardan shunchaki foydalanib bo‘lmaydi. Fevralda likvid qism 6.3 trillion rubl yoki 91 milliard dollarni tashkil etdi. Agar byudjetning yillik taqchilligi 3 trillion rubl atrofida bo‘lsa, oddiy matematika orqali zaxiralarning 2 yilga yetishini ko‘rish mumkin.

 

Iqtisodchi Aleksandra Osmolovskaya-Suslinaning so‘zlariga ko‘ra, xarajatlar oshmagan taqdirdagina likvid aktivlardan ikki yil foydalanish mumkin. Shu bilan birga bu yerda muhim nuqta bor.

 

“Milliy barqarorlik jamg‘armasi hajmi harbiy mojaro qancha davom etishiga bevosita bog‘liq. Bu yerda nizo qanday yakunlanishi, shuningdek, Rossiya uglevodorodlariga talab va narxning qanday bo‘lishi muhim hisoblanadi”, – degan u.

 

Byudjet tizimining asosiy xavfi

 

Amalda Rossiyada shu ikki yil muddat bormi? Dushanba kuni moliya vazirligi yanvar oyi uchun byudjet statistikasini eʼlon qildi va bu ko‘pchilikni shokka solgani aniq.

 

Uning taqchilligi 1.8 trillion rublga yetgan. Daromadlar 2022 yil yanvariga nisbatan 35 foizga, neft-gaz daromadlari esa 46 foizga kamaygan.

 

Ammo eng yomoni xarajatlar statistikasida aks etgan. U o‘tgan oyda 60 foizga oshib ketdi va 3 trillion rublni tashkil etdi.

 

“Taqchillikning asosiy sababi — xarajatlarning noodatiy oshib ketishi. Agar ular o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarda saqlab qolinganda, defitsit 700 milliard rubldan oshmasdi”, – degan Aleksandr Isakov.

 

Iqtisodchi xarajatlarning oshishini bu yilgi byudjet uchun asosiy xavf deb atagan. Ammo daromadlar ham optimist emas: neft-gazdan topilgan pullar eʼlon qilingan prognozlardan 2 trillionga kam bo‘ladi. Shuningdek, biznes faolligi pasayishi ortidan soliq tushumlari ham kamaygan.

 

Moliya vazirligi yanvardagi qulashning vaqtinchalik ekanini aytmoqda. Shu bilan birga xarajatlar rejalashtirilgan byudjet doirasida bo‘lishi maʼlum qilingan. Ammo ko‘pchilik vazirlik prognozlariga ishonmayapti.

 

Zaxiralarsiz hayot

 

Milliy barqarorlik jamg‘armasi 2008 yilda tuzilgan edi. O‘sha yili RF Barqarorlik fondi ikkiga ajratilgandi — biri aynan milliy farovonlik fondi, ikkinchisi Zaxira fondi. Birinchisi byudjet taqchilligini qoplash uchun emas, pensiya tizimini barqarorlashtirish mexanizmi sifatida tashkil qilingandi.

 

2018 yilda Zaxira fondi tugagan edi. Uning qoldiqlari Milliy farovonlik jamg‘armasiga qo‘shib yuboriladi. O‘sha yili Rossiyada yangi byudjet qoidasi paydo bo‘ldi: neftning belgilab qo‘yilgan chegara narxidan oshgan daromadlar farovonlik fondiga tushgan. Bu doimiy ravishda to‘ldirib kelinayotgandi. Bu o‘z navbatida rublning neft narxiga qaramligini qisman kamaytirdi.

 

Urushgacha RF byudjet tizmi barqaror ishlab keldi — zaxiralar ko‘payib bordi, taqchillik kuzatilmasdi. Ammo qurolli mojaro bunga nuqta qo‘ydi. urush boshlanishi bilan byudjet qoidasi to‘xtatib qo‘yildi, xarajatlar esa to‘xtovsiz o‘sib bordi.

 

Yakunda hukumat yangi byudjet qoidasini ishlab chiqishga vaʼda berdi. Va haqiqatan ham 2022 yil oxirida u paydo bo‘ldi, ammo qisqa variantda: unda byudjet daromadlari 8 trillion rubl atrofida belgilandi, undan ortgan mablag‘ jamg‘armaga tushishi kerak edi. Ammo joriy vaziyatda bu tartibning ish berishi qiyin.

 

Rossiyaning boshqa zaxiralar ham bor. Masalan, Markaziy bank rezervlari 598 milliard dollarni tashkil etadi. Lekin uning bir qismi muzlatib qo‘yilgan. Milliy farovonlik fondi MBning oltin-valyuta zaxiralarining bir qismi bo‘lsa-da, hukumat uni faqatgina tasarruf qilishi mumkin.

 

Bundan tashqari, hukumat Markaziy bankdan emissiya asosida qo‘shimcha qarz olishi mumkin. Bu yerda gap qo‘shimcha rubl kupyuralarini chiqarish haqida ketmoqda. Bu o‘z navbatida inflyatsiyaning oshishiga olib keladi.

 

Shuningdek, Rossiya ijro hukumatining o‘z Zaxira fondi ham bor, ammo u kichik va favqulodda holatlarda, byudjetni qaytadan tuzmaslik uchun foydalaniladi. Ayrim iqtisodchilar ushbu jamg‘arma aktivlari ham byudjet taqchilligini qoplashga ketganini aytishmoqda.

 

Bordi-yu milliy farovonlik jamg‘armasi mablag‘lari tugasa nima bo‘ladi? Bu yerda ko‘p variant yo‘q. Byudjet siyosati yana qattiqlashadi. Aleksandra Osmolovskaya-Suslinaning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda taqchillikni qoplash uchun ichki qarzlar va uglevodorodlardan olinayotgan daromadlarga eʼtibor qaratiladi.

 

Malayziya 1,5 mingga yaqin myanmalikni qaytardi: BMT urush va ta’qib xavfidan ogohlantirdi

Malayziya 1,5 mingga yaqin myanmalikni qaytardi: BMT urush va ta’qib xavfidan ogohlantirdi

UNHCR qochqinlarning urush davom etayotgan mamlakatga qaytarilishi ortidan ta’qibga uchrashi yoki majburiy harbiy xizmatga jalb qilinishidan xavotir bildirmoqda.

Qozog‘istonda harbiylar o‘limi: 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qozog‘istonda harbiylar o‘limi: 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

14 nafar harbiy halok bo‘lgan Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarni rejalashtirishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Qora dengizda kemada yong‘in chiqdi: ikki kishi halok bo‘ldi

Qora dengizda kemada yong‘in chiqdi: ikki kishi halok bo‘ldi

Ruminiya ommaviy axborot vositalari don ortilgan Turkiya kemasiga dron zarbasi berilganini bildirmoqda.

Rossiyada «o‘lat xavfi» sabab bir qator shifoxonalar karantinga olindi

Rossiyada «o‘lat xavfi» sabab bir qator shifoxonalar karantinga olindi

Bunga 28 yoshli tibbiyot xodimining vafot etgani sabab bo‘lgan. Ayni paytda u bilan aloqada bo‘lgan qariyb 200 kishi ham izolyatsiya qilingan.

Saudiya Arabistoni va Yaman o‘rtasida keskinlik: tomonlar bir-biriga zarbalar bermoqda

Saudiya Arabistoni va Yaman o‘rtasida keskinlik: tomonlar bir-biriga zarbalar bermoqda

Saudiya Arabistoni husiylar nazorati ostida bo‘lgan Sano shahriga zarba berdi. Bunga javoban husiylar Saudiya Arabistonining yirik neft-gaz koniga hujum qildi.

Fransiya maktablarida tartibsizliklar: 24 ta maktab yoqib yuborildi

Fransiya maktablarida tartibsizliklar: 24 ta maktab yoqib yuborildi

O‘quvchilar namoyishlari ortidan 500 tagacha ta’lim muassasasida darslar to‘xtatilgan.

Kutilmagan tashrif: Germaniya kansleri Kiyevga bordi

Kutilmagan tashrif: Germaniya kansleri Kiyevga bordi

Germaniya Ukrainaga 1,35 mlrd yevro yordam ajratishi kutilmoqda.

Tramp yana amerikaliklarga pul va’da qildi:  20 milliondan ortiq keksaga 90 dollardan beriladi

Tramp yana amerikaliklarga pul va’da qildi: 20 milliondan ortiq keksaga 90 dollardan beriladi

Oq uyga ko‘ra, mablag‘ Medicare Improvement Fund hisobidan ajratilib, aksariyat fuqarolarga oktabr oyining boshida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkaziladi.

Rossiya valyuta zaxiralari qanchaga yetadi? | Zamon.uz