Edvard Rtveladzesiz o‘tgan bir yil: xotira nomalari
Atoqli olim o‘tgan yili vafot etgandi.

Atoqli olim, arxeolog, O‘zbekiston va Gruziya Fanlar akademiyalari akademigi, o‘nlab kitob va monografiyalar muallifi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ilmiy kengashi raisi, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining ilmiy rahbari Edvard Vasilevich Rtveladze olamdan o‘tganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi. O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikni boshidan kechirdi, biroq Edvard Rtveladzening xotirasi uning yaqinlari, do‘stlari, safdoshlari va hamkasblari qalbida barhayotdir.
Olim Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatining ulkan qatlamlarini, Buyuk ipak yo‘lining eski va yangi karvon yo‘llarini o‘rgangan edi. Rtveladze yozgan 800 dan ortiq ilmiy maqolalar O‘zbekistonda va xorijda chop etilgan.
So‘nggi yillarda Edvard Rtveladze tomonidan amalga oshirilgan eng mashhur arxeologik topilmalardan biri bu – miloddan avvalgi IV asr oxiriga oid, Surxondaryo hududida miloddan avvalgi I asr boshlarigacha mavjud bo‘lgan Oks Aleksandriyasi port shahridir.
Ilmiy faoliyati uchun Edvard Rtveladze 1985 yilda Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, 2001 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, 2003 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2017 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tish joizki, 2022 yil 14 mayda Toshkentda atoqli olim tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazildi va unda «Edvard Rtveladze xotirasiga» yodnomalar kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Bugun, olim xotirasi yana yodga olinarkan, Butunjahon jamiyati butun dunyo olimlarining baʼzi xotiralarini havola qilmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan olimlar, tadqiqotchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari Edvard Vasilevich haqida qayg‘u va sog‘inch so‘zlarini izhor etadilar, uning inson va olim sifatidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashadilar.
Baʼzi xotiralardan parchalarni eʼlon qilamiz:
Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasi tahrir hayʼati raisi, huquq fanlari doktori:
«Edvard Vasilevich Rtveladze eng buyuk va ayni paytda eng baxtli olimlardan biri sifatida xotiramizda qoladi. Edvard Vasilevich Rtveladzeni yaqindan tanigan odamlar uni yaxshi fazilatlari bilan eslashadi. Olim, dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan bir necha yuzlab ilmiy asarlar muallifi sifatida, shubhasiz, bizning taniqli zamondoshlarimiz qatoriga kiradi. Vaqt o‘tib, ilm-fan taraqqiy etgani sari, tadqiqotchi g‘oyalarining mazmun-mohiyati, ahamiyati, teranligi yaqqol namoyon bo‘lib boraveradi».
Frederik Starr, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi (AQSH va Shvetsiya):
«Edvard Rtveladzeni biron bir kasb yoki mutaxassislik bilan chegaralab bo‘lmaydi. U ilg‘or bo‘lgan sohalarning bir nechtasini sanab o‘tsak, uning malakali tilshunos, tarixchi, tadqiqotchi, epigraf, geograf, sanʼatshunos va numizmat bo‘lganini qayd etib o‘tish mumkin. Keksa avlodning yetuk olimlari olimning tajribasini eʼtirof etib, faoliyati rivojida uni qo‘llab-quvvatlagandilar. Biroq uning o‘zi hech qanday oliy maʼlumoti bo‘lmagan, ammo cheksiz qiziqishlarga ega kitobxon otasi hayotiga katta taʼsir o‘tkazganini tezda angladi."
Sergey Laptev, tarix fanlari nomzodi, Mixo muzeyi (Yaponiya) maxsus ilmiy xodimi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi aʼzosi:
«Edvard Vasilevich ilm-fanni, ayniqsa arxeologiyani juda ham yaxshi ko‘rardi. Uning hayotini, fikr-mulohazalarini, tashvishlarini faqatgina ilm band qilgan edi. U mukofot va unvonlar izlamadi – aksincha, barcha mukofotlar uni izlab topishdi. Edvard Vasilevich ilm-fanga xizmat qildi, haqiqatga sodiq qoldi, butun umrini, qalb qo‘rini ilm-fanga bag‘ishladi. O‘ta band bo‘lishiga, uzluksiz ishlashiga qaramay, ilm-fan va taʼlimni jamiyatga olib kirish, olimlarning odamlar bilan keng doirada muloqotini rivojlantirish naqadar muhim ekanini anglab, senator bo‘lishga rozi bo‘ldi. Edvard Vasilevichning oldiga ko‘pincha olimlar bilan bir qatorda oddiy insonlar ham savollar, iltimoslar, takliflar bilan ko‘p kelishardi. Va u hech qachon hech kimdan yordamini ayamagan. Edvard Vasilevich har doim odamlarni tinglash uchun vaqt topdi, doim qo‘lidan kelgancha yordam berdi. Bu hayratlanarli darajada kam uchraydigan fazilatdir. Odamlarga yordam berish istagi hamisha qalbining tub-tubidan o‘rin olgan, yuzlaridan, ayniqsa, ko‘zlaridan mehribonlik nurlari taralib turardi. Uning bu jihatidan barchamiz o‘rnak olsak arziydi».
Mixail Buxarin, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi, Germaniya arxeologiya instituti muxbir aʼzosi, Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon tarixi instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori (Rossiya):
«Edvard Vasilevich Rtveladze hozirgi va kelajak avlod olimlari hamda tarix ixlosmandlari uchun atoqli olim va ilm-fan jonkuyari sifatida xotiralarda qoladi. U o‘zi shaxsan tanigan va hamkorlik qilganlar uchun do‘st va homiy, maslahatchi va murabbiy, o‘z bilimi va kuchini saxiylik bilan baham ko‘radigan samimiy suhbatdosh edi. Edvard Vasilevich o‘z ilmiy maktabining rahbari hamda XX-XXI asrlardagi, jumladan, O‘zbekistonda rivojlangan tarix fanining eng yaxshi anʼanalari davomchisi bo‘ldi».
Elmira Gyul, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining ilmiy muvofiqlashtiruvchisi:
«Edvard Vasilyevich hayotligidayoq tirik afsonaga aylangandi. Uning har bir kitobi diqqat bilan o‘qiladigan haqiqiy kashfiyot bo‘lardi. U o‘tgan kunlar voqeliklarini ko‘zguda ko‘rib turgandek talqin qilar edi. Biz Sizni doim yodda tutamiz, Edvard Vasilyevich. Haqiqiy olim qanday bo‘lishi lozimligi borasidagi Sizning shaxsiy namunangiz, kitoblaringiz biz bilan qoldi».
Edvard Rtveladze umrining so‘nggi yillarida «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining ilmiy rahbari bo‘lib ishladi. Uning rahbarligida ushbu turkumning 50 ta rasmlarga boy kitob-albomlari nashr etildi. Shuningdek, «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar», «Tarixiy kutubxona» va «O‘zbekistonning atoqli olimlari» turkum kitoblari ustida ish olib bordi.
«Edvard Vasilevich O‘zbekiston Prezidentining mamlakatimiz madaniy merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish borasidagi tashabbuslarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlardi. U «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining ilmiy rahbari sifatida bu yo‘lda tinimsiz izlandi. Uning mehnati munosib baholandi – 2017 yilda akademik tavalludining 75 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Edvard Rtveladzeni «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirladi. Bu yil Jahon jamiyati akademikning tavallud kunida ilk bor «Rtveladze saboqlari»ni o‘tkazadi.
Bu akademik Edvard Rtveladze xotirasiga chuqur hurmat timsoliga aylanadi va uning izlanishlari va kashfiyotlarini asrab-avaylashga xizmat qiladi. Ayni paytda Butunjahon jamiyati akademik xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha hukumatga takliflar tayyorlamoqda. Butunjahon jamiyatining VII Kongressi doirasida Edvard Vasilevich Rtveladze xotirasiga bag‘ishlangan kitobning bosma nashri taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ishonchimiz komilki, kitob buyuk ustoz, buyuk inson va buyuk do‘st xotirasiga muhim hurmat-ehtirom ramzi bo‘lib qoladi», – deydi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.







