“Xodunok” bolada maymoqlikni keltirib chiqarishi mumkin
Mutaxassis bu bo‘yicha maʼlumot berdi.

Ko‘pgina ota-onalar yangi tug‘ilgan farzandi tezda oyoqqa turib, mustaqil yurishini xohlaydi. Bunday paytda ular uchun maxsus aravacha – “Xodunok” yaqin yordamchiga aylanadi. Biroq ushbu vositalar go‘dak salomatligi uchun qanchalik xavfsiz?
Mutaxassis fikricha, kichkintoy sog‘ligi va rivojlanishi uning qanchalik harakatchan ekaniga bog‘liq. Ayniqsa, yurishning boshlanishi bir yoshga to‘lmagan bola uchun muhim bosqich sanaladi. Biroq har narsaning o‘z vaqtida bo‘lgani maʼqul.
Bugun aksariyat ota-onalar kichik yoshli farzandlari uchun “Xodunok” olib beradi. Ularning fikricha, ushbu vosita kichkintoyni yiqilishdan asrab, tezroq yurishga o‘rgatadi. Qolaversa, bola mazkur qurilmada bo‘lganda ona muhim uy ishlarini ortiqcha tashvishlarsiz amalga oshirishi mumkin.
Ammo bu vositadan uzoq vaqt foydalanish bolalar sog‘ligida jiddiy muammolarni keltirib chiqarishini unutmaslik kerak. “Xodunok”ning eng katta kamchiligi shundaki, o‘g‘il-qizlar u tufayli emaklash davrini o‘tkazib yuboradi. Vaholanki, ushbu harakat bola rivojlanishida muhim bosqich hisoblanadi.
Yurishdan avvalgi 3 oylik emaklash davri kichkintoyda mushak-skelet tizimining to‘g‘ri shakllanishida katta rol o‘ynaydi. Qolaversa, asab tizimi rivojlanishiga ham ijobiy taʼsir etadi.
Go‘dak hali mushaklarini boshqara olmagani bois yurishga o‘rgatuvchi bu kabi aravachalarda o‘z oyoqlariga to‘g‘ri suyana olmaydi. Bu esa bo‘g‘imlarning haddan tashqari harakatchanligi va oyoqlarning qiyshayib qolishiga olib keladi.
Shuningdek, “Xodunok”da bo‘lgan payt kichkintoy oyoqlari o‘rtasida qo‘shimcha cheklov bilan harakatlanadi. Shu boisdan tizzalar tashqariga buriladi va valgus deformatsiyasi yuz beradi.
Bundan tashqari, orqa miya va mushak-skelet tizimiga tushadigan haddan ziyod yuk kelajakda bolaning umurtqa pog‘onasi holatiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatishi, turli deformatsiyalar paydo bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, unda keyinchalik yassioyoqlik yoki maymoqlik rivojlanishi ehtimoli yuqori.
Ayni sababdan bolani “Xodunok” orqali mustaqil yurishga majburlamaslik maqsadga muvofiq.








