Yevropa davlatlari Ukrainaning o‘zida qurol ishlab chiqarish uchun “poyga” o‘ynamoqda
Buyuk Britaniya bu bo‘yicha harakatlarni allaqachon boshlab yuborgani aytilmoqda.

Buyuk Britaniya Ukrainada qurol ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, The Telegraph gazetasi xabar berdi.
Bu bo‘yicha Birlashgan Qirollik mudofaa sanoati vakillari Kiyev bilan muzokara o‘tkazgan. Shuningdek, boshqa Yevropa davlatlari ham bevosita Ukrainaning o‘zida qurol ishlab chiqarish variantini ko‘rib chiqmoqda. Ammo Britaniya ishlab chiqaruvchilari “ularni fransuz yoki nemis raqobatchilari ortda qoldirishi”ni istamayapti.
Mudofaa kompaniyasi rahbarlaridan biri Buyuk Britaniyani “navbatning oldi qatoriga qo‘yish” uchun kurash ketayotganini aytgan. Bu Rishi Sunakning Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish uchun “eshikni ochib bergan”idan so‘ng yuz bermoqda. Hukumat va mudofaa vazirligi bu xabarga hech qanday izoh bermagan.
Buyuk Britaniya Kiyevga og‘ir tank yetkazib berishga rozi bo‘lgan ilk davlat hisoblanadi.








