«Qamchiq»da kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda
«O‘zgidromet» shoshilinch axborot eʼlon qildi.

16–18 fevral kunlari «Qamchiq» dovonida kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha tezkor gidrometeorologik axborot eʼlon qilindi.
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, Toshkent – O‘sh avtoyo‘lining «Qamchiq» dovonidan o‘tgan qismida qor yog‘ishi, vaqti–vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik, tuman kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi, avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi prognoz qilinyapti.
14–20 fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik sababli respublikaning quyidagi tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi eʼlon qilinadi:
Qashqadaryo viloyati: Kitob, Shahrisabz tumanlarida;
Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Boysun tumanlarida;
Samarqand viloyati: Samarqand, Urgut tumanlarida;
Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal tumanlarida;
Toshkent viloyati: Parkent, Ohangaron, Bo‘stonliq tumanlarida va Chotqol tizmasining «Chimyon» tog‘larida;
Namangan viloyati: Pop tumanida;
Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona tumanlarida.
“Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.








