AQSH Ukrainani Rossiya "nog‘orasiga o‘ynamaslikka" chaqirmoqda
Vashington Baxmutni tashlab chiqish va asosiy eʼtiborni bahorgi qarshi hujumlarga qaratishni taklif qilgan.

AQSH amaldorlari Kiyevga tashrifi davomida Ukrainani urush yangi hal qiluvchi pallaga kirgani to‘g‘risida ogohlantirgan. Bu haqda The Washington Post o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Jozef Bayden administratsiyasi uchun eng maqbul variant sifatida muzokaralar boshlanguncha Ukraina ko‘proq hududni qaytarib olishi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga Amerika razvedkasi ukrain armiyasining Qrimga hujumi imkonsiz ekani to‘g‘risida xulosa bergan.
WP‘ga ko‘ra, Oq uy amaldorlari jang maydonida ko‘proq muvaffaqiyatga erishishi uchun Kiyevga bosimni kuchaytirgan. Vashington Zelenskiyni qancha payt zarur bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashga vaʼda bergan bo‘lsa-da, Bayden maʼmuriyati so‘nggi harbiy yordam paketini urush borishini o‘zgartirib yuborish uchun eng yaxshi imkoniyat sifatida baholagan.
"Qancha bo‘lsa, shuncha yordam bu nizo masshtabini anglatadi. Bu yordam hajmiga taalluqli emas", — degan gazeta manbalaridan biri.
Nashr bundan oldingi harbiy yordam paketlari Kongressda har ikki partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanganiga eʼtibor qaratgan. Ammo bu Vakillar palatasi demokratlar qo‘lida bo‘lgan payt edi.
Hozirda Oq uy kongress bilan Ukrainaga 10 milliard dollarlik byudjet yordami ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, keyingi haftada yangi harbiy ko‘mak va Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketini eʼlon qilishi mumkin.
Vashington bahorda urushda burilish nuqtasi bo‘lishiga ishonmoqda. Bu paytda Rossiya hujumga, Ukraina esa qarshi hujumga o‘tishi mumkin. Shu bilan birga AQSH tahlilchilari Kiyev bir vaqtning o‘zida Baxmutni ushlab qolishi va qarshi hujumni boshlashi imkonsiz ekanini taʼkidlashmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, ukrain qo‘shinlari Rossiya qo‘shin yuborgan joyda jang qilishda davom etsa, tashabbus Moskvaga o‘tishidan ogohlantirgan. Qo‘shma Shtatlar Ukrainani bahorgi hujumlarga ustuvor vazifa sifatida qarashga chaqirmoqda. Amerikalik amaldorlardan biri Baxmutning yo‘qotilishi jang maydonida strategik siljishga olib kelmasligini aytgan.







