Boysun IIBda fuqarolar kaltaklangani aytildi
Holat bo‘yicha prokuratura maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida 3 nafar fuqaro IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, Sho‘rchi tumanida yashovchi fuqaro N.Aliqulova ijtimoiy tarmoqlar orqali akasi G‘.A., opasi D.A. va qarindoshi U.Х.larni Boysun tuman IIB xodimlari urib tan jarohati yetkazgani haqida murojaat eʼlon qilgan. Bu bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Boysun tumani IIB xodimlari fuqaro Q.A.ning somonxonasida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 2022 yil 28 noyabrda G‘.A. va U.x.ni tuman IIBga olib kelib, suhbat o‘tkazishgan. Shundan so‘ng ularga javob berilgan.
Mazkur jinoyat ishi tergovi 2022 yilning 12 dekabr kuni JPK 364-moddasi 1-qismi, 1-bandi (ish bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo‘lgan shaxs aniqlanmaganligi) asosi bilan harakatdan to‘xtatilgan.
Sud tibbiyot ekspertizasi xulosalarida G‘.A. va U.X.larda tan jarohati yo‘qligi ko‘rsatilgan.
Fuqaro D.A. 2022 yil 29 noyabr kuni Boysun tumani IIBga kelgan va Navbatchilik qism tezkor navbatchisi bilan o‘zaro tortishib qolgan. Ushbu tortishuv jarayoni tuman IIBga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasiga to‘liq yozib olingan. Aniqlanishicha, uni biror-bir shaxs urib tan jarohati yetkazmagan.
Biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli 2022 yilning 30 dekabr kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.








