Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari hokimliklarga o‘tkazilishi mumkin
Vazirlik esa bundan norozi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari vazirlikning hududiy bo‘linmalari mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlar bo‘yicha munosabat bildirdi.
Vazirlikka ko‘ra, Prezidentning “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy hokimliklar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy bo‘linmalarini mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazish qayd etilgan. Bundan tashqari, ushbu hujjat loyihasini tegishli vazirlik va davlat idoralar bilan kelishish uchun Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi — project.gov.uzga joylashtirilgan.
“Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ushbu normativ-hujjat hozirda loyiha bo‘lib, rasmiy kuchga ega emas. Ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Farmon loyihasidagi tegishli bandlar bo‘yicha e’tiroz bildirilib, Adliya vazirligi bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy bo‘linmalarini mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazilayotgani bo‘yicha soha xodimlari va keng jamoatchilik vakillarining xavotiriga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi vazirlik munosabatida.







