“Haqiqiy kam taʼminlanganlar istagi, albatta, ijobat bo‘ladi”
Prezident kam taʼminlanganlarga Umraga borishda yordam berilishini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev 17 fevral kuni Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasiga tashrifi vaqtida endilikda kam taʼminlanganlarga Umraga borishda yordam berilishini maʼlum qildi.
Prezident madrasa talabalari bilan uchrashuv davomida so‘nggi yillarda Umra va Haj safarlariga qatnov soni ko‘paytirilganini taʼkidlagan.
“Umraga xohlagancha ruxsat berilyapti. Haj safarlari karra-karra ko‘paydi. Eʼtiqod insonning yuragida, bag‘rida, ko‘nglida bo‘ladi”, — degan davlat rahbari.
Shundan keyin prezident kimda qanday taklif bo‘lsa, eshitishga tayyor ekanini aytgan. Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Umraga borishga imkoniyati yetmaydigan kam taʼminlanganlar uchun davlat tomonidan yordam berilishini so‘ragan.
“Sizdan bitta iltimos bo‘ladi, adolatli tanlov qilib bersangiz, xohlaganingizcha yordam beraman. Haqiqiy kam taʼminlanganlar istagi, albatta, ijobat bo‘ladi. Ularning ro‘yxatini shakllantirib bering. Kerak bo‘lsa, u yerdagi rahbarlarga ham aytib, ularni alohida-alohida kutib oladigan qilib tashkillashtiramiz”, — deya javob bergan prezident.








