Toshkentda 4 ta mashina YTHga uchradi
To‘qnashuv oqibatida yong‘in chiqqan.

Kecha, 18 fevral kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 4 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan shahar IIBB YHXB maʼlumot berdi.
Hodisa soat 19:30 da Yunusobod tumanining Amir Temur ko‘chasidagi Xotira maydoni qarshisida yuz bergan. Unda Cobalt, Spark, Jentra hamda Matiz rusumli avtomashinalar o‘zaro to‘qnashgan. Shundan so‘ng Sobalt avtomashinasida yong‘in sodir bo‘lgan. FVV xodimlari tomonidan yong‘in bartaraf etilgan.
YTH oqibatida Cobalt hamda Matiz avtomashinasi haydovchilari tan jarohat olgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.








