Japarov Qirg‘iziston sobiq prezidentlaridan birini vatanga qaytarmoqchimi?
18 fevral kuni Qirg‘izistonni boshqargan barcha siyosatchilar BAAda uchrashgandi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat sobiq rahbarlari bilan Qurmanbek Bakiyevni vatanga qaytarish uchun uchrashmagan. Bu haqda Japarov Kabar agentligiga bergan intervyusida maʼlum qilgan.
“Ayrimlar aynan shuning uchun (Bakiyevni qaytarish — tahririyat izohi) uchrashuv bo‘lgan deb taxmin qilmoqda. Agar uni qaytarishni istaganimizda, uchrashuv Bishkekda tashkillashtirilgan bo‘lardi”, – degan Qirg‘iziston yetakchisi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘izistonning ikkinchi prezidentiga nisbatan sud hukmi bor, u ortga qaytgan taqdirda qamoqda o‘tirishi kerak.
18 fevral kuni Japarov tashabbusi bilan BAAda Qirg‘izistonni turli yillarda boshqargan prezidentlar yig‘ildi. Amaldagi davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu qirg‘iz jamiyatini birlashtirish uchun amalga oshirilgan.
Uchrashuvda Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza Otunbayeva, Almazbek Atambayev va Sooronbay Jeenbekovlar ishtirok etgan.







