Xitoy Ukraina mojarosi oloviga moy sepishni to‘xtatishga chaqirdi
Mamlakat tashqi ishlar vaziri XXRning mazkur nizo bo‘yicha pozitsiyasini ochiqlagan.

Bosim va tiyib turish harakatlari tufayli Xitoy suverenitetiga tahdidlar bo‘lmoqda. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Sin Gan maʼlum qildi.
Diplomat “bugun Ukraina, ertaga Tayvan” kabi bayonotlar bilan shovqin ko‘tarishni to‘xtatishga chaqirgan. Pekinda o‘tgan forumda, shuningdek, u Xitoyning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini ochiqlagan. Vazirning fikricha, XXR vaziyatdan chuqur xavotirda. Sin Gan nizo kuchayib borayotgani va vaziyatdan chiqib ketishi mumkinligini taʼkidlagan.
“Bir vaqtning o‘zida biz davlatlarni olovga moy sepmaslikka va aybni Xitoyga to‘nkashni to‘xtatishga chaqiramiz”, – degan u.
AFP agentligi bu bayonot AQSHning Pekinni Moskvaga qurol yetkazib berishda ayblashi fonida berilganiga eʼtibor qaratgan.
Bundan avval Xitoy kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi komissiya rahbari Van I Myunxen xavfsizlik konferensiyasida XXRda Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi borligini aytgandi.







