Toshkentda keksa ayol 9 yoshli bolani o‘g‘irlamoqchi bo‘ldimi?
IIBB ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrida 9 yoshli bolani keksa ayol qorong‘i joyga olib borgani va bola undan qo‘rqib qochib ketgani haqidagi xabarlar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan shahar IIBB axborot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 17 fevral kuni soat 20.00 larda 2013 yilda tug‘ilgan A.A. futbol mashg‘ulotidan so‘ng Yakkasaroy tumanida joylashgan uyiga qaytayotgan vaqtida keksa yoshdagi ayol qo‘lidagi xaltalarni ko‘tarishda yordam berishini so‘ragan. Voyaga yetmagan A.A. keksa ayolga xaltalarini ko‘tarishda yordamlashib, 71-uyning oldiga borganida nomaʼlum erkak kishini ko‘rib qolgan. Voyaga yetmagan A.A. qorong‘i bo‘lib qolganligi sababli uyga ketishini bildirib, qo‘lidagi xaltalarni yerga qo‘yib, uyi tomon yugurib ketgan.
Keksa ayol va nomaʼlum erkak tomonidan Voyaga yetmagan A.A.ga nisbatan hech qanday noqonuniy harakatlar sodir etilmaganligi maʼlum bo‘lgan. Hozirda Voyaga yetmagan A.A. ota-onasi bilan birga sog‘-salomat holatda.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.








