Piskentda davlat yeri soxta hujjatlar bilan MCHJga berib yuborildi
Bunda hokim yordamchisining qo‘li bor.

Toshkent viloyatining Piskent tumanida davlat zaxirasidagi salkam 20 gektar yer maydoni soxta hujjatlar bilan MCHJga berib yuborildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Prezidentning “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi o‘rganilganida bir qator qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.
Xususan, Piskent tuman hokimi yordamchisi M.S., tuman hokimligi umumiy bo‘lim mudiri E.N. va boshqalar tomonidan tumanning davlat zaxira yerlari hududida joylashgan jami 19,19 gektar yer maydonini “O.Q.” MCHJga baliqchilik xovuzlarini tashkil etish uchun 30 yil muddatga ajratib berish haqidagi tuman hokimining qarorini hamda ijara shartnomasini soxtalashtirib, yer uchastkasini ijara huquqi asosida jamiyat nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga erishishgan.
Mazkur holat yuzasidan M.S., E.N. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 209-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.








