Davlat ishtirokidagi ayrim korxonalarning faoliyati optimallashtiriladi
Bu bo‘yicha Hukumatning tegishli Qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023–2025 yillarda isloh qilinadigan va operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar (31 ta) ro‘yxati tasdiqlandi.
Mazkur korxonalar ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) “UzAssets” investitsiya kompaniyasi boshqaruviga beriladi.
“UzAssets” investitsiya kompaniyasiga, jumladan, quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega yirik korxonalarni isloh qilish, shu jumladan ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish hamda xususiy sektorni jalb qilish;
- korxonalarning rentabelligi va operatsion samaradorligini oshirish, moliyaviy barqarorligini taʼminlash hamda biznes-jarayonlarni optimallashtirish;
- boshqaruvga berilgan korxonalarning samarali boshqarilishini va barqaror rivojlanishini taʼminlash;
Qarorga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, tegishli vazirlik va idoralarning o‘zlariga tegishli aksiya paketlari (ulushlari) Strategik islohotlar agentligiga o‘tkaziladi.
2023-yil 1-iyulgacha “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan korxonalarning biznes-rejalari qayta ko‘rib chiqiladi.







