Ukraina prezidenti va armiya bosh qo‘mondoni Baxmut tufayli ziddiyatga borgani aytilmoqda
Valeriy Zalujniy siyosatchilarning shahardagi janglar bo‘yicha pozitsiyasini noto‘g‘ri deb hisoblamoqda.

Baxmutdagi vaziyat sababli Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Bu haqda Germaniyaning Bild nashri xabar berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, shahardagi vaziyat bo‘yicha “prinsipial boshqacha” qarashlar bor. Ukraina qurolli kuchlari kuchlari qo‘mondoni bir necha hafta ilgari taktik sabablar tufayli chekinishni taklif qilgan.
Ammo Ukraina hukumatida Baxmutni ushlab turish to‘g‘ri deb hisoblashmoqda. Bild bilan suhbatlashgan va nomi sir qolishini istagan ukrainalik tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, harbiylar Zalujniy pozitsiyasini to‘g‘ri deb hisoblamoqda.
Baxmut uchun janglar 2022 yil yozidan beri davom etmoqda. Fevralda Zelenskiy Kiyev shahar uchun har qanday qurbonlik berishga tayyor emasligini aytgandi. “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Baxmut uchun janglarni “go‘shtmaydalagich”ga o‘xshatgandi. Aynan “vagnerchilar” frontning ushbu uchastkasida asosiy hujumkor kuch bo‘lib turgani taxmin qilinadi.







