Xitoy AQSHni keskin tanqid qilib, Rossiyani maqtadi. Bu nimani anglatadi?
Tahlilchilarning fikricha, shu tariqa Xitoy xalqaro siyosatda o‘zining yaqin kelajakdagi qadamlariga ishora qilmoqda.

XXR rahbari Si Szinpin va tashqi ishlar vaziri Sin Gan seshanba kuni AQSH tomoniga keskin munosabatlar bilan chiqdi. Ko‘pchilik ekspertlar buni oshirib yuborilgan deb hisoblashdi. Shu bilan birga, Ukraina mojarosi boshlangandan beri Pekin birinchi marta Rossiyani o‘zining asosiy hamkori deb atadi.
Tahlilchilarning fikricha, shu tariqa Xitoy xalqaro siyosatda o‘zining yaqin kelajakdagi qadamlariga ishora qilmoqda.
Si Szinpin seshanba kuni Xitoy kompartiyasi syezdidagi chiqishida AQSHni XXRni “o‘rab olish va bostirish”ga urinishda aybladi. Uning nutqi turli fosh qiluvchi iboralarga bosh bo‘ldi va ko‘pchilik uchun o‘ta keskin ko‘rindi.
“AQSH boshchiligidagi G‘arb davlatlari bizga qarshi har tomonlama tiyib turish, o‘rab olish va bostirishni amalga oshirmoqda”, – degan Si Szinpin.
Tahlilchilarning qayd etishicha, Xitoy yetakchisi o‘z chiqishlarida Qo‘shma Shtatlarni kamdan-kam eslaydi. Buning o‘rniga G‘arbga umumiy murojaatlar bilan cheklanadi.
Syezd yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida TIV rahbari Sin Ganning ritorikasi ham keskin bo‘ldi.
“Agar AQSH tormozlarni bosmasa va noto‘g‘ri yo‘lda harakatlanishda davom etsa, hech qaysi cheklovlar relslardan vagonlarning chiqib ketishini va halokatning oldini olmaydi, qarama-qarshilik albatta yuz beradi”, – dedi Xitoy diplomatiyasi rahbari.
U AQSHni Tayvan masalasi orqali Xitoy siyosatiga aralashishda aybladi. Vashington XXR tomonidan hujum bo‘lgan taqdirda Taybeyga yordam va himoya vaʼda qilgan.
Tayvan va Xitoy o‘rtasida keskinlik shu darajada kuchayib ketdiki, orol maʼmuriyati rahbari Say Inven Kongress vakillar palatasi spikeri Kevin Makkartiga Vashingtonda uchrashishni taklif qildi. Aslida Makkarti Tayvanga kelishni rejalashtirgan edi. Tayvanliklar uning tashrifi ortidan Pekin harbiy harakatlarni boshlashidan xavotirda.
AQSH munosabati
Yuqoridagi keskin bayonotlarga javoban Amerika tomoni vaziyatni yumshatishga harakat qildi.
“Biz Xitoy bilan strategik raqobatni xohlaymiz. Nizoga harakat qilmayapmiz. Biz raqobatlashishni va unda g‘alaba qozonishni istaymiz. Va biz o‘zaro munosabatlarni hozirgi holatda saqlab qolishni xohlaymiz”, – degan Oq uyning milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.
Tayvan masalasiga to‘xtalar ekan, Oq uy vakili AQSH Xitoyning pozitsiyasini hurmat qilishini va status-kvoni saqlab qolish tarafdori ekanini taʼkidlagan. Bundan tashqari, janob Kirbi yana bir marta Pekindan Moskvaga harbiy yordam bermaslikni so‘ragan.
Fevralda AQSH rasmiylari Xitoy tomoni Rossiyaga qurol va o‘q-dori yetkazib berishi mumkinligini iddao qilgandi.
Xavfli taranglik
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik butun dunyoda katta xavotirlarni uyg‘otmoqda.
Tayvan to‘qnashuvlarning yagona sababi emas. Tomonlar Rossiya-Ukraina mojarosi, kiberxavfsizlik va texnologiyalar sohasida hukmronlik masalalarida bir-biridan tubdan farq qiluvchi fikrlarga ega.
Vashington Xitoyni o‘zining milliy xavfsizligiga asosiy tahdid sifatida ko‘radi va har tomonlama uning taʼsirini kamaytirishga harakat qiladi. AQSH ko‘rayotgan choralar sifatida texnologik kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy etish, eksport nazorati va Osiyo-Tinch okeanidagi boshqa o‘yinchilar bilan aloqalarni mustahkamlash kabilarni ko‘rsatish mumkin.
Yaqinda Amerika osmonida aniqlangan nomaʼlum havo shari keskinlikni yana-da kuchaytirdi. Vashington bu Xitoy josus shari ekanini taʼkidladi va uni urib tushirdi.
O‘z navbatida, Pekin shar meteorologik kuzatuvlar uchun bo‘lganini, kursdan adashib ketganini va AQSH havo hududiga tasodifan kirib qolganini maʼlum qildi. Xitoy rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Vashington reaksiyasi haddan tashqari keskin va agressiv bo‘ldi.
“Ushbu hodisa fundamental narsani yuzaga chiqardi. Yaʼni AQSHning Xitoyga nisbatan qarashlari va mamlakatimizga munosabat o‘ta noto‘g‘ri. Ular Xitoyga o‘zining asosiy raqibi va asosiy geosiyosiy tahdid sifatida qarashadi. Bu xuddi birinchi tugmani noto‘g‘ri taqishga teng, qolganlari ham noto‘g‘ri taqiladi. Natijada AQSHning Xitoyga nisbatan siyosati oqilona va sog‘lom relsdan butunlay chiqib ketdi”, – dedi kecha Xitoy TIV rahbari Sin Gan.
Moskva uchun muhim signal
Gan, shuningdek, Ukraina masalasidagi qarama-qarshilikka ham to‘xtalib o‘tdi va Vashingtonni ikki xil standartlarda aybladi.
“Xitoy Tayvan masalasida suverenitet va yaxlitlikni hurmat qilmasdan Ukrainaning suvereniteti va hududiy y
axlitligini hurmat qilish haqida balandparvoz bayonotlarni berishning nima keragi bor?”, – degan XXR tashqi ishlar vaziri.
Xitoy diplomatiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Vashington Pekindan Rossiyaga qurol bermaslikni so‘ramoqda, ammo uning o‘zi Tayvanga qurol sotishda davom etmoqda.
Shu bilan birga, u Rossiya-XXR munosabatlariga yuqori baho bergan.
“Rossiya va Xitoy qo‘lni qo‘lga bergach, ko‘p qutbli dunyo va demokratik xalqaro tizim tomon harakatlar kuchaydi. Global strategik muvozanat va barqarorlik kafolatlandi”, – deb taʼkidladi Sin Gan.
Diplomat dunyoda beqarorlik qay darajada kuchaysa, Xitoy-Rossiya aloqalari shu darajada mustahkamlanishini qo‘shimcha qilgan.
nutqi yakunida u Amerikaga qarshi ritorikani biroz yumshatgan va ikki davlat munosabatlarida umumiy manfaatlar va umumiy javobgarlik tamoyillari ustunlik qilishi kerakligini aytgan.
Moskva uchun bu kabi ochiq bayonotlar muhim ahamiyatga ega. Kreml anchadan buyon Xitoyning Ukraina masalasida qo‘lloviga muhtoj. Shu paytga qadar Pekin ushbu mojaro yuzasidan o‘ta bosiq pozitsiyani saqlab kelayotgandi.








