SSV tizimida masʼuliyatsiz rahbarlar lavozimidan “uchdi”
Bu bo‘yicha vazir tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.

Bugun, 11 mart kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov rahbarligida vazirlikning navbatdan tashqari Hayʼat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tanqidiy ruhda kechgan majlisda tizimdagi qator yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar chuqur tahlil etilgan.
Sohada byurokratik to‘siqlar hali ham uchrab turibdi. Ayniqsa, aholini sifatli dori-darmon vositalari, tibbiy buyum va jihozlar bilan taʼminlash, tizimda ijro intizomini nazorat qilish borasida qator muammolar mavjud.
Sog‘liqni saqlash yo‘nalishida xalqaro investitsiyalar jalb qilinishini muvofiqlashtirish, bolalar tibbiyotida ilg‘or davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlar ham yetarli darajada tashkil qilinmayapti.
Shundan kelib chiqib, berilgan topshiriq va vazifalar hamda qo‘yilgan talablarni o‘z vaqtida bajarmagani sababli “O‘zmedimpeks” MCHJ direktori A.Nabiyev, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Sharipov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
Shuningdek, o‘z yo‘nalishida yetarli natija ko‘rsata olmagani bois vazirlikning Dori vositalari va tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i X.Ganiyeva hamda yana bir qator masʼullar ham ishdan olingani maʼlum qilingan.








