Yashnobodda yuk poyezdi relsdan chiqib ketdi
Hozirda voqea joyida surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi temiryo‘l bekati oralig‘ida poyezd vagonlari relsdan chiqib ketdi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 11-mart kuni soat 12:05 larda “Qo‘qon-To‘qimachi-Aris” (Qozog‘iston) yo‘nalishidagi yuk poyezdi tarkibida jami 51 ta har xil turdagi bo‘sh vagonlar bilan harakatlanayotgan vaqtida, Yashnobod tumanidagi “Xamza-Toshkent tovar” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida ushbu poyezd tarkibidagi 3 ta vagon temir yo‘l izidan chiqib ketgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan shaxslar mavjud emas. Voqea joyida tergov-tezkor guruhi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.








