Bo‘kada tibbiy xizmat mashinasida archa tashildi
SSB mutasaddi rahbarlarga qanday chora ko‘rilishini maʼlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tez tibbiy yordam mashinasida xo‘jalik ishlari qilinayotgani aks etgan surat tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Bo‘ka tumani aholisi sonidan kelib chiqib 8 ta umumiy profildagi tez tibbiy yordam brigadalari, 1 nafar reanimatsion tez tibbiy yordam brigadasi — jami 9 nafar brigada aholiga tunu-kun tez tibbiy yordam xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.
Tarqalgan xabarlardagi Damas rusumli maxsus avtomashina tez tibbiy yordam avtomashinasi emas, balki Bo‘ka tumani markaziy oilaviy poliklinika uchun ajratilgan “Tibbiy xizmat” avtomashinasi hisoblanadi. Ushbu avtomashina aholiga tez tibbiy yordam xizmatini ko‘rsatmaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirining 2022 yil 19 dekabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, tibbiy xizmat maxsus avtomashinalaridan tibbiyot muassasalarida, poliklinikalarda, tug‘uruqxonalarda, qon xizmati, vazirlik tizimidagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning klinikalarida, sud-tibbiyot ekspertiza byurolarida, sanatoriylarda, SEOJSX larda va tizimdagi boshqa muassasalarida tibbiy xizmat ishlarida foydalanilishi belgilangan.
“Ushbu holatni o‘rganish uchun viloyati SSB tomonidan ishchi guruh tashkil etildi hamda qonun buzilishiga yo‘l quygan mutasaddi rahbarlar va ularning xodimlariga intizomiy jazo choralari ko‘rilishini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.








