Erta bahorda bodomcha bezlar nega bezovta qiladi?
Mutaxassis bu bo‘yicha maʼlumot berdi.

Bahor faslida ob-havoning tez o‘zgarishi sababli baʼzi insonlarda bodomsimon bezlar yallig‘lanishi ko‘p kuzatiladi. Hatto ayrimlar bu xastalik bilan bir umr kurashadi. Ko‘rinishidan oddiy ko‘ringan ushbu kasallikni o‘z vaqtida davolamaslik, tanada, xususan, yurakda jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Xo‘sh, ushbu kasallik qanday kelib chiqadi? Uni davolash choralari qanday?
Oliy toifali shifokor Shoira Abdusattarovaning maʼlumot berishicha, bodomsimon bezlar yallig‘lanishi (angina) yuqumli kasallik bo‘lib, erta bahor payti ko‘p kuzatiladi. Bu esa yozi iliq va qishi sovuq bo‘lgan mintaqalar uchun o‘ziga xos xususiyat hisoblanadi.
Yaʼni bahorning nam, shamol va tez o‘zgaruvchan havosida organizm turli infeksiyalarga nimjon bo‘ladi. Uni asosan og‘iz bo‘shlig‘i yoki tashqaridan tushgan turli mikroblar (viruslar, bakterial infeksiyalar) chaqirishi mumkin.
Kuchli tomoq og‘rig‘i, qurishi, yuqori tana harorati xastalik belgilaridir.
Bodomsimon bezlar yallig‘lanishi asoratlari bilan xavfli hisoblanadi. Unga o‘z vaqtida eʼtibor bermaslik yurak, buyrak va bo‘g‘imlarda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Yaqin yillargacha anginadan faqat uni olib tashlash orqaligina qutilish mumkin deb hisoblanardi. Biroq bugunga kelib konservativ davolash usullari orqali ham bu kasallikdan xalos bo‘lish mumkin.
Biroq xastalik surunkali tusga kirib, kuchli yiringlash, og‘riq, yuqori isitma kuzatilsa, har 3-6 haftada yoki yiliga 7 martadan ko‘p qaytalansa, yiringli jarayonlar rivojlansa, bezlar kattalashib, nafas olish qiyinlashsa, konservativ davo samara bermasa, yurak, buyrak va bo‘g‘imlarda asoratlar kuzatilsa, anginani jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash tavsiya etiladi.








