Farg‘onada 14 yoshli qiz o‘zini 16-qavatdan tashlamoqchi bo‘ldi
Bosh prokuratura hodisa sababini maʼlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqda Farg‘ona shahrida maktab o‘quvchisi o‘zini 16 qavatli uyning tomidan tashlamoqchi bo‘lgani haqida xabar tarqalgan. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, 14 yoshli qiz D.K. (maktab o‘quvchisi) o‘gay otasi bilan o‘zaro janjallashib qolishi natijasida Farg‘ona shahrining Tarona ko‘chasida joylashgan 16 qavatli uyning tomiga chiqib olgan hamda u yerdan pastga o‘zini tashlab, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.
Voqea joyiga borgan Farg‘ona shahar IIB va FVV xodimlari D.K.ni tomdan sog‘-omon tushirib olishgan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.








