Senatorlar Ukrainaga F-16 samolyotini berishni talab qildi
AQSH Senati aʼzolari ushbu masala yuzasidan mamlakat mudofaa vaziriga maktub yozgan.

AQSHning bir qator senatorlari Pentagondan Ukrainaga F-16 samolyotini berishni talab qildi. Shu mazmunda mudofaa vazirligiga maxsus maktub jo‘natilgan.
Politico nashri maʼlumotlariga ko‘ra, respublikachilar va demokratlar partiyasi vakillari mudofaa vazir Lloyd Ostinni qiruvchi samolyotlar jo‘natish imkoniyatini o‘rganib chiqishga chaqirgan. Siyosatchilarning fikricha, Rossiya-Ukraina mojarosi hozirda burilish nuqtasida turibdi. Qiruvchi samolyotlar Kiyevga ustunlik beradi.
“Bu jang maydonidagi o‘yin qoidalarini o‘zgartira oladigan katta imkoniyat bo‘ladi”, – deyiladi maktubda.
Senatorlar Ostindan hafta oxirigacha F-16‘ni Ukrainaga muvaffaqiyatli taqdim etishga zarur bo‘lgan turli omillarga baho berishni so‘ragan. Ularni ushbu qiruvchi samolyot mojaroga qanday taʼsir ko‘rsatishi va ukrainalik uchuvchilar uni boshqarishni qanchada o‘rganishi masalalari qiziqtirmoqda.
Rasmiy Vashington bundan oldin bir necha bor AQSH Ukrainaga F-16 samolyotlarini bermasligini maʼlum qilgandi.







