Asad Rossiya anneksiya qilgan hududlarni tan olishini bildirdi
Suriya prezidenti Ukrainadan tortib olingan hududlarni “RFning tarixiy yerlari” deb atagan.

Suriya Rossiya Ukrainaning egallab olgan hududlarini tan oladi. Bu haqda Bashar Asad maʼlum qildi.
“Albatta. Men buni Rossiya hududlari deyman va hatto urush bo‘lmagan taqdirda ham bu Rossiyaning tarixiy hududlari deb hisoblayman”, – degan u “RIA Novosti” agentligiga.
Shu bilan birga Asad aynan qaysi hududlar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmagan. Ammo u Damashq “DXR” va “LXR” mustaqilligini tan olganini bildirgan.
Kuzda RF Ukrainaning Donbass, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlarining bir qismini anneksiya qilgandi.
Suriya prezidenti 15 mart kunlari Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu uning Ukraina mojarosi boshlangandan buyon Rossiyaga ilk tashrifi bo‘ldi.







