Italiyada dunyodagi eng uzun ko'prik quriladi
Loyiha qadimgi rimliklarga tegishli.

Italiya Sitsiliya oroli va materik o‘rtasida dunyodagi eng uzun osma ko‘prik quradi. Bu haqda "Bloomberg" xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ko‘prik loyihasi qadimgi rimliklar tomonidan o‘ylab topilgan. Italiya hukumati tomonidan bu loyiha bir necha bor muhokama qilingan.
Rejaga ko'ra, inshootning uzunligi 3,2 kilometrni tashkil etadi. Qurilish 2024-yilda boshlanadi. Aslida ko‘prikni o‘tgan yili qurish reja qilingandi. Ammo moliyaviy va geologik muammolar tufayli bu qaror keyinga surilgani ham ma’lum.
Infratuzilma vaziri Matteo Salvinining so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik uglerod chiqindilarini kamaytirish, bo‘g‘oz bo‘ylab sayohatni tez va arzonroq qilish hamda mintaqaga sayyohlarni jalb qilishga yordam beradi.







