Murakkab muammolarning oddiy yechimi yo‘q—Si Szinpin
Xitoy raisi Ukrainadagi vaziyat yechimi haqida gapirdi.

Xitoy rahbari Si Szinpin Moskvaga tashrifi arafasida Rossiya OAVlari uchun maqola yozdi va unda Rossiya-Xitoy munosabatlari haqida gapirib, Ukrainadagi urushga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Avvalroq Xitoy OAVlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maqolasini eʼlon qilgandi.
XXR rahbarining taʼkidlashicha, Xitoy mojaro bo‘yicha xolis pozitsiyani egallab, tinchlik muzokaralari bo‘yicha ham faol harakat qilmoqda.
“Bu pozitsiya BMT Nizomining maqsad va tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash, barcha davlatlarning qonuniy xavfsizligini hurmat qilish, Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan”, — deb yozdi u.
“Murakkab muammolarning oddiy yechimi yo‘q. Ishonchimiz komilki, agar hamma umumiy, keng qamrovli, qo‘shma va barqaror konsepsiyaga amal qilsa, Ukraina inqirozidan oqilona chiqish, dunyoda mustahkam tinchlik va global xavfsizlikka yo‘l topiladi. Maslahatlashuvlarni teng, oqilona va pragmatik tarzda davom ettirish kerak” — deyiladi maqolada.








