Toshkentda sportchi xotini va bolasini kaltaklagani aytildi
Hozirda u maʼmuriy tartibda qo‘lga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida sportchi erkak o‘z xotini va farzandini kaltaklagani aytilgan videoxabar tarqaldi. Holat yuzasidan shahar IIBB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 23 mart kuni soat 17.00 larda 1990 yilda tug‘ilgan T.X. Yangihayot tumanida o‘zining uyida o‘zaro kelib chiqqan tortishuv sababli turmush o‘rtog‘i — 1995 yilda tug‘ilgan T.D.ni urib tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng 25 mart kuni T.X. farzandi — 2016 yilda tug‘ilgan T.X.ni urib tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Yangihayot tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. 1990 yilda tug‘ilgan T.X. maʼmuriy tartibda ushlangan.
“Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi”, — deyiladi xabarda.








