Dunyo aholisi soni 2050-yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqishi mumkin
Shundan keyin ko‘rsatgichlar pasaya boshlaydi.

“Earth4All” modeliga ko‘ra, dunyo aholisi sonining eng yuqori ko‘rsatkichlari BMT kutganidan past bo‘lishi mumkin. Ko‘payish shu tarzda davom etsa, 2050-yilda bu ko‘rsatgich 8,6 milliardga yetishi mumkin. 2100-yilga kelib 7 milliardga tushishi ehtimoli bor.
Agar rasmiylar qashshoqlik va tengsizlikni kamaytirishga sarmoya kiritsa, 2040-yildayoq 8,5 milliardlik eng yuqori cho‘qqisiga erishiladi. 2022-yilning yozida BMT o‘z hisobotini eʼlon qildi, unda aytilishicha, 2080-yilga borib sayyora aholisi 10,4 milliardga yetadi.
Avvalroq BMT 2022-yilning noyabr oyiga kelib odamlar soni 8 milliarddan oshishiga sabab bo‘lgan omillarni aytgandi. Bu misli ko‘rilmagan o‘sish sog‘liqni saqlash, ovqatlanish, shaxsiy gigiyena va tibbiyot sohalarining yaxshilanishi hisobiga o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining bosqichma-bosqich o‘sishi bilan bog‘liq. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tushuntirishicha, eng yuqori tug‘ilish darajasi, eng past daromadli mamlakatlarda kuzatilmoqda. Aholi soni Afrika mamlakatlari hisobiga o‘sib bormoqda, bu esa ularning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.







