Saida Mirziyoyeva AQSHdagi Metropoliten sanʼat muzeyida bo‘ldi
O‘zbekistonlik mutaxassislar kelgusida ushbu muzeyda malaka oshirishi mumkin.

Saida Mirziyoyeva Metropoliten muzeyi vakillari — islom sanʼati kuratori Navina Haydar va ko‘rgazmalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Kuinsi Xouton bilan uchrashuv o‘tkazdi. Dunyodagi eng nufuzli muzeylardan biri O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi.


Uchrashuvda Metropoliten sanʼat muzeyi xodimlarining 2024 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan IV Butunjahon ijodiy iqtisodiyot konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

"Men uchun institutlar o‘rtasidagi muloqot juda muhim. Bu mutaxassislarning ichki rivojlanishi va madaniy almashinuviga turtki beradi. Shuningdek, uchrashuv davomida muzeylarimiz mutaxassislarining stipendiya dasturida ishtirok etishi va Metropoliten muzeyida malaka oshirish masalasini ham ko‘tardik", — deydi S.Mirziyoyeva.








